Jamoliddin
Jamoliddin
Grafik Dizaynerman Video Montajyorman Fotografman Media trenerman Volontyorlar mentor-treneriman
Jamoliddin

Blog

Buni taqdir deydilar

Buni taqdir deydilar

Poyezdga yetolmagach yigit yugurishdan to'xtadi. "Jin ursin o'sha svetaforni, - xayolidan o'tkazardi u, - ertaroq harakatlanish kerak edi. Qayerdanam o'sha betayinning mashinasiga o'tirdim!" U asabi tarang holda ortga o'girildi.
Shu vaqtda xuddi o'zi kabi poyezd ortidan afsuslanish bilan qarab qolgan qizga ko'zi tushdi. Qizning uzun sochlarini shamol o'ynab, xafaqon yuzlariga tushirarkan, yigit undan ko'zlarini uzolmay qoldi. Haqiqatda, qarshisida judayam sohibjamol, 21-22 yoshlar atrofidagi qiz turardi. Qiz ham yurishdan to'xtadi. Uning shahlo ko'zlari anchagina olislab ketgan poyezdga termulgan ko'yi yig'lab yuborishga tayyor turardi. Yigitga qizning bu holati judayam g'alati, o'zgacha jozibali tuyulardi. Ayni damda yigit poezdni unutib ham yuborgandi.
"Yaxshiyam shu svetafor bor ekan", - tabassum qildi u. Qiz ham taqdirga tan berdi shekilli, yigit tomonga qaradi.
- Salom, - dedi yigit. - ... - Poezdda ketadigan odam bunday ertaroq harakat qilishi kerakda.
- Sizga o'xshabmi,- kuldi qiz.
- Yo'q, men poyezddan sizni ko'rib tushib qoldim. Qiz javob bermay vokzal ichi tomon yo'l oldi. Yigit unga yetib oldi va gapirishda davom etdi:
- Bu shaharda hamma shoshadi, hatto poyezdlar ham.
- Sizchi?
- Menmi? Shoshib qayerga ham borardim. Taqdirimda nima yozilgan bo'lsa shu. Kechirasiz, siz taqdirga ishonasizmi?
- Yo'q.
- Bekor qilasiz. Qiz kassaga borib keyingi poezd qachon bo'lishini so'radi. 8 soatdan keyin degan javobni eshitgach, juda xafa bo'ldi. Yigitni esa ushbu javob mutlaqo xursand qilib yuborgandi. Chunki, bu go'zal qiz tobora uni maftun qilib borardi.
- Afsus,- dedi qiz. Yigit bo'lsa, kassadagi qizga minnatdorchilik bildirdi:
- Rahmat sizga, iloji bo'lsa yana qo'shimcha 8 soat ushlab turinglar o'sha poyezdni. Qiz yigitni kuzatib turarkan, uning o'zini tutishidan hayron qolardi. Qiz odamlar gavjum bo'lgan kutish zalidagi o'rindiqlardan biriga borib o'tirdi. Bir oz o'tgach yigit ham uning yoniga kelib o'tirdi.
- Mening ismim ... , bu shaharda mehmonman. Sizchi?
- Men ham mehmonman,- javob berdi qiz.
- Ismingizni aytmaysizmi ?
- Zarurati yo'q, ishonavering.
- Albatta... Ishonish yarim g'alaba degani. Qiz qo'ng'iroq qilish uchun chetroqqa chiqdi. Qayergadir qo'ng'iroq qildi. Yigit uni diqqat bilan kuzatardi... Qiz qaytib kelgach yigit undan so'radi:
- Uzr, ruchka topiladimi? Qiz sumkasidan ruchka olib yigitga uzatdi. Yigit dabdurustdan ruchka bilan qo'liga nimanidir yozdi-yu qizga ruchkasini qaytarib berdi. Bir oz o'tgach qiz o'rnidan qo'zg'aldi. Yigit:
- Sizni uyda kutishyapti, shunaqami?
- Ha.
- Avtobusda 6 soatlik yo'l. Umuman olganda keyingi poyezdni kutishning foydasi ham yo'q. Maylimi, sizga hamrohlik qilsam? Faqat yo'q demang.
- Nega endi yo'q demasligim kerak?
- Chunki, meni taqdirimga siz bilan bitta avtobusda birga ketish yozilgan bo'lishi kerak.
- Aytdimku, men taqdirga ishon... Qiz oxirigacha gapirolmadi. Aniqrog'i yigit kaftlariga haliroq qizning ruchkasi bilan yozgan yozuvni unga ko'rsatgach hayratdan gapirishdan ham to'xtab qoldi. Yigitning qo'liga bejirimgina harflarda qizning ismi yozilgandi. Qiz o'rnidan qo'zg'alib, allaqachon chiqish eshigi tomon yo'nalgan yigitdan so'radi:
- Qayerdan topdingiz? Yigit qizga o'girilib qaradi, qo'lini avval ko'ksiga, keyin peshonasiga olib bordi-yu, kulib javob berdi: - Buni taqdir deydilar...


Qiz va yigit shaharlararo qatnovchi avtobusga chiqishdi. Biroz jim o'tirishgach yigit kamzulining kissasidan judayam ixcham, lekin o'ta chiroyli kichik gul g'uncha olib qizga tutdi:
- Tug'ilgan kuningiz bilan! Qiz ko'zlarini katta-katta ochib yigitga qarardi. Haqiqatda bugun uning tug'ilgan kuni, shu sabab uyiga shoshilayotgandi. Yonida o'tirgan o'ta qobiliyatli quvnoq "folbin" esa uni hayron qoldirishda davom etmoqda edi.
- Q...Qayerdan bildiz?
- Buni jon deb aytardim-u zaruriyati yo'q, ishonavering,- kuldi yigit.
- Jiddiy so'radim.
- Bu muhim emas, muhimi sizni birinchi bo'lib men tabrikladim.
- Haya, rahmat,- qiz jilmaydi. Biroz surbetroq, lekin bu o'ziga juda yarashadigan kelishgan yigit qizni tabassum qilishga majburlay olardi.
Avtobus yo'lga chiqdi. Yigit qizga qiziq narsalar haqida gapirib berar, u oddiy narsalar haqida ham shunday kulguli va jumboqli gapirardiki, qiz miriqib kulardi, teran o'yga tolardi. Bir soatcha yurishgach qiz yigitdan so'radi:
- Endi ismimni qanday qilib topganizni ayta qoling. Yigit biroz jim qoldi, keyin qizga qaramasdan so'z boshladi:
- Dunyoda shunday toifali insonlar borki, o'z fikrini siz-u menga shunchaki bildirolmaydilar. Eshitishadiyu zabonlari yo'q, yoki aksincha eshitmaydilar. Men shunday kishilarga o'z fikrlarini ifodalay olish san'atini o'rgataman. Kasbim shunaqa. Qo'l harakatlari orqali, lablarning qimirlashi orqali ularning nima haqida gapirayotganlarini tushuna olaman. Endi siz haqingizda, menimcha vokzalda oyijoningizga qo'ng'iroq qilgandingiz... Qiz vokzaldagi oyisi bilan telefon suhbatini yodga oldi:
- Allo, Assalom-u alaykum oyijon, bu men ...man.
- Voalaykum, poyezdga chiqdingmi? Qachon yetib kelasan?
- Oyi, poyezddan qolib ketdim. Mehmonxonada to'lovlar bo'yicha muammo bo'ldi. Kelsam, poyezd ketib bo'libdi. Endi avtobusda bora qolaman. Shuning uchun 3-4 soat kechikaman, xavotir olmang.
- Vaqtliroq harakatingni qilsang bo'lmaydimi? Bu yoqda hammamiz seni kutib o'tiribmiz. Bugungi kunni unutdingmi?
- Bilaman, oyijon. Bugun tug'ilgan kunim. Unutib bo'larkanmi, kechiring, shunaqa bo'lib qoldi. Bo'ldi, mana yo'lga chiqyapman.
- Xo'p qizim, yo'lda ehtiyot bo'lgin.
- Xo'p oyijon, xavotir olmang... Qiz uni telefonda suhbatlashayotgan chog'ida kuzatib o'tirganini yodga oldiyu hammasini fahmladi. Barchasi ravshan bo'lgach qiz kuldi:
- Demak siz joyizda o'tirgan holda uzoqdagilarning ham nima haqida gapirayotganligini bila olasiz, shunaqami?
- Agar lablari harakati ko'rinarli bo'lsa, ha.
- Unda anavi orqa o'rindiqda ketayotgan oq sochli odam yonidagi ayolga nima haqda gapiryapti?
Yigit orqaroqda o'tirgan o'sha kishi tarafga bir muddat qarab turdi. Keyin qizga uning nima haqda gapirayotganligini tushuntirdi:
- U qizi haqida gapiryapti. Yonidagi turmush o'rtog'i, qizlarini ko'rishga ketayotgan bo'lishsa kerak.
- Qizlarini?
- Ha. Qizlari shifoxonada ekan.
- Hm... Anavi oldingi o'rindiq yonida tik turib, hozir bizga qarab jilmayayotgan qiz nima haqda gapiryapti?
Yigit o'sha tarafga qarab kulib yubordi. Qizning ma'noli qarashiga sokin javob berishga urindi:
- U siz haqingizda gapirdi. Menimcha aytmaganim ma'qul.
- Men haqimdami? Ayting, nima dedi u?
- Yaxshi, u anavi chiroyli qiz erining qo'lidan mahkam ushlab olibdi, xuddi qo'yib yuborsa men olib qochib ketaman, dedi.
Qiz yarq etib o'z holatiga diqqat qildi. Chindan bu o'yinning qiziqligi gashtidan mashg'ulotga berilib ketgan va yigitning o'ng qo'lini siqib olgandi. Buni o'zi beixtiyor bajarganligi uchun ahamiyat bermagandi. Qiz darhol qo'lini tortib oldi. U oynadan yo'l chetida yastanib yotgan dalalarni tomosha qilishga tushdi. Uning yuzi yonardi.
-"G'alati... Uyatmi bu? Erimish... Odamlarga ham hayronsan, bilmasdan gapiraverishadi",- o'ylardi qiz. Jilmaygancha xayol surayotgan qizning xayolini yigitning ovozi bo'ldi:
- Hey...
- Hm?
- Avtobus yo'lda to'xtarkan, ul-bul tanavvul qilvolish kerak.
- Hm.
- Yana "hm" mi?
- Hm...
Yengil kulgu haliroq yuzaga kelgan o'ng'aysizlikni xayollardan bir chetga surib tashladi. Avtobus yo'l chetida biroz turgach, yana yo'lga chiqdi. Qiz judayam charchagandi. Yigitning qaysidir mavzudagi sokin so'zlari ta'sirida ko'zi ilindi...
- Allo,- qizni uyg'otdi yigit,- uyg'oning malika, shahringizga yetib keldik.Qiz avtobus oynasidan tashqariga qaradi. Darhaqiqat yetib kelishibdi. Yana bir oz yurishsa bas.
- Mana bu sizga,- yigit qizga tumor tutdi shu payt,- tug'ilgan kuningiz bilan!
- Rahmat, hojati yo'q, shundog'am yetarlicha syurpriz kun bo'ldi bugun.
- Sovg'ani qaytarishmaydi. To'g'ri, bu tumor u qadar qimmatbaho emas, ammo men uchun qadrli. Bu sizga ham omad keltiradi. Qiz sezdiki, sovg'ani olmasa yigit xafa bo'ladi.
- Rahmat,- dedi qiz bejirim tumorni qo'liga olarkan,- chindan omad keltiradimi?
- Albattada.
- Unaqada, poyezdga nega kech qoldiz? Qizning jilmayib so'ragan savolidan so'ng yigit uning ko'zlariga qaradi va kulib javob berdi:
- Poyezddan qolib ketganimni kim omadsizlik dedi... Qizning yuragi jizillab ketdi shu onda... Avtobus to'xtadi. Yigit va qiz avtobusdan tushishdi. Xayrlashish kerak edi-yu, lekin negadir bunday qilishda ularda xohish topilmasdi. Nihoyat, qiz jimlikni bo'ldi:
- Mayli, hammasi uchun rahmat sizga, omon bo'ling.
- Siz ham.
- Xayr...
- Nega endi xayr? Balki yana uchrashib qolarmiz? Qiz jilmaydi:
- Qaydam...
- Men esa ishonaman,- yigit qo'lini avval yuragi ustiga, keyin peshonasiga olib bordi,- axir buni taqdir deydilar... Qiz yigitga so'nggi bor jilmaydiyu burilib ketdi. Ketardi-yu yuragi dukullardi. Xayolida faqat bir so'z aylanardi: buni taqdir deydilar... Birinchi bor uchrashdilar-u birinchi bor ayrilmoqda edilar... Qiz ancha yurib ortiga o'girilib qaradi. Ancha narida biroz surbetroq, lekin bu o'ziga yarashadigan kelishgan yigit xuddi u kabi o'girilib unga qarab turardi ...Yigit shu kun bir kichik e'tiborsizlikka yo'l qo'ygandi. Bu e'tiborsizligi ehtimol bir vaqtning o'zida uning ulkan xatosi ham edi. U qizdan telefon raqamini, hech bo'lmasa, ish joyi yoki manzilini so'rashni unutgandi. Buning uchun qanchalar afsus chekmasin, endi befoyda edi. O'sha sohibjamol qizning go'zal chehrasi har daqiqada ko'z o'ngida paydo bo'laverardi. Avtobusda qiz uning yelkasiga boshini qo'yib uxlab qolganidagi hayajonli holatini o'ylab qolardi. Bir kun... Ikki kun... Uch kun... Yo'q, ortiq bu taxlit yashab bo'lmaydi. Uni topish kerak. Sevib qolganini aytish kerak. Lekin qanday qilib? Faqat ismini-yu tug'ilgan kunini bilsa? Keyin dizayner ekanligi ma'lum. Endi faqat qidirish kerak. Axir buni sevgi deydilar. Sevgi - bu taqdir... 


Oradan 5 oy o'tdi... Xiyobonda, gavjum odamlar orasida telefonda kim bilandir suhbatlashib ketayotgan yigit kimgadir urilib ketdiyu telefoni qo'lidan tushib ketdi va chil-chil bo'ldi. Yigit telefon bo'laklarini yerdan oldi-yu jahl bilan o'sha insonga qaradi: - Ko'zingizga qara.s... Siz?! Yigitning qarshisida 5 oydan beri qidirib topolmaydigan, o'sha, uning oromini o'g'irlab ketgan uzun sochli qiz turardi. Yigit uni o'sha xayrlashishgan kundan boshlab qidira- qidira hech topolmasdi. Internetdan, modalar uyidan, shaharning deyarli har bir hududidan uni qidirgandi. Lekin qiz haqida biron ma'lumot topilmasdi. Chunki qiz o'qirdi, dizaynerlik esa uning sevimli mashg'uloti edi xolos. Vaqt o'tgan sari yigit taqdiriga tan bera boshlagandi. Haya, taqdir... Mana u qizni yana yigitga uchrashtirmoqda edi.
- Yaxshimisiz,- qizning yoqimli ovozi xayolini bo'ldi.
- Endi, ha!
- Telefoniz singani uchunmi?
- Yo'q... Uni siz sindirganingiz uchun. "Hecham o'zgarmabdi". Shu fikr har ikkisining xayolida paydo bo'ldi.
- Uzr so'rayman, bexosdan... To'g'risi, shoshib ketayotgandim...
- Ha, bu shaharda ham hamma shoshadi. - Hatto poyezdlar ham... Yana o'sha vaqtlardagidek kulgu yangradi...
- Taqdirni qarang, sizni 5 oy qidirib topolmagandim, uni o'zi bizni 5 soniya ichida uchratdi. Aytgancha, hali ham taqdirga ishonmaysizmi,- yigit bir oz vaqtdan keyin, ular chetroqdagi o'rindiqqa o'tirishgach qizdan so'radi.
- Yo'q,- jilmaydi qiz.
- Unaqada nima sabab aynan siz bilan bu taxlit uchrashib qoldik?
- Bu tasodif... Yigit qizning shu 5 oy ichida uni unutib yubormaganligini sezdi. Har holda, uchrashganlarida, qiz aytgan "poyezdlar ham shoshadi" iborasi uni nimadandir umidvor qilardi. Shu kun yigit qiz bilan uzoq suhbatlashmadi. Lekin u qizning telefon raqamini oldi. Shu kun yigitning yuzida ulkan quvonch shukuhi porlardi. Har holda u qizning nima haqdadir chuqur o'yga tolib qolayotganini payqamasdi. U mast edi. Baxtdan mast edi... Qiz o'sha poyezdga kech qolgan kun avtobusdan tushib, u bilan xayrlashdiyu uyiga shoshdi. Bugun u juda xursand edi. Tug'ilgan kuni juda ajoyib o'tardi. Oilasi davrasida haqiqiy bayram qilib nishonlashdi. Tug'ilgan kun torti, sovg'alar... Mehmonlarni kuzatib, charchagan ko'yi o'rniga yotarkan qiz bugungi sovg'alar ichida eng ajoyibini qo'liga oldi. Bu yurakcha shaklidagi bejirim tumor edi. Unga qarab biroz surbetroq, lekin bu o'ziga juda yarashadigan, kelishgan yigitni o'yladi. Lablariga mayin tabassum yugurdi. Tumorni yostig'ining ostiga qo'yib qo'ydi-yu ko'zlarini uyquga yumdi. Ertasiga darsda o'tiribdi-yu xayoli o'zida emas. Poyezd, avtobus... "Nimalar bo'ldi menga? Bir kunda u haqda shuncha o'ylayapmanmi? Yo'q, men sevib qolmadim. Bu sevgi emas..." Lekin qiz nohaq edi. U yigitni sevib qolgandi. Har tunda yostig'i ostidagi tumorni qo'liga olib, shirin xayollar qilardi. Bu xayollar esa tobora uni yigitga qattiqroq bog'lab borardi. O'sha lahzalarda qiz yigit uni qidirayotganini sezardi, lekin hech narsa qilib bo'lmasdi. Kutish kerak. Faqat shu yo'l bor edi...

5 oydan so'ng...

Qiz kunlar o'tib, yigitning kelmasligiga ishonch hosil qildi. Qayerdan ham kelardi. Balki butunlay unutib ham yuborgandir. Ayni shu vaqtlarda qizning oilasida uni uzatish haqidagi mavzu kun tartibida turardi. Qiz borgan sari bu talablarga rad javobini berishga qiynalardi. Oxiri hammasini ota-onasining ixtiyoriga tashlab qo'ydi. O'sha kunning o'zidayoq qizning uyidan sovchilar rozilik javobi bilan chiqib ketishdi... Ular ketishdi-yu qizni titroq bosdi. Xonasiga kirdi. Tumorni qo'liga olib yig'lab yubordi. Negaligini o'zi anglamasdi. Faqat yig'lagisi kelardi. Chunki, u endi kelmaydi... Sovchilar bolalikdagi do'stidan edi. Juda yaxshi yigit, lekin... Nimayam qilardi? Taqdiri shunaqa ekan. Haya, taqdir... U yana kimnidir eslatib yubordi. O'sha kuni qiz to'yib yig'ladi. Bor hasrati ko'z yoshlarga qo'shilib yuragidan chiqib ketdi. Bugun qiz unashtirildi. Lekin yuragi xijil. Hamma baxt tilayapti. Qaydam? To'yni kuyovning ishlari tufayli 40 kundan keyinga belgilashdi. Qiz o'zini chalg'itishga urinardi. Xonasiga kirib har doimgidek qadrdon tumorni qo'liga oldi. Unga bir oz tikilib turgach yana joyiga qaytarib qo'ydi. "Yo'q, bugun uni qo'limda olib yuraman. Birinchi va so'nggi bor...",- qaror qildi qiz. Xiyobonda tumorni mahkam siqib shoshib ketardi. Keyin... Keyin urilib ketdi. Telefoni qo'lidan tushib sinib ketgan yigitga qaradi-yu qiz qo'lidagi tumorni qattiqroq siqdi... Telefon orqali suhbatlar... Uchrashuvlar... Hammasi chiroyli edi. Qiz ham hammasini taqdir izmiga tashlab qo'ydi. Chunki, uning sevgisi shu qadar kuchli ediki, undan shunchaki ko'z yumib ketolmasdi. Har uchrashganlarida yana va yana qattiqroq bog'lanib borardi. Faqat yigit har uchrashganlaridan so'ng qanchalik baxtli kunlarning yaqinligi haqida o'ylardi, qiz esa yaqin kelayotgan iztirobli voqealarni his qilardi. Shuning uchun qiz hech kimga bildirmasdan ko'p yig'lardi... Oradan 20 kun o'tib yigit qizga sevgi izhor qildi. Qiz esa eshitib turib yig'lab yubordi. Yo'q, qiz ortiq faqat o'zini o'ylay olmasdi. Hammasini to'xtatish, ehtimol tugatish kerak edi. Uni quchib, yig'lama gulim deb shivirlayotgan yigitga e'tibor ham bermasdan yig'lardi qiz... O'sha kun qiz hammasini oyisiga aytdi. Oyisi esa dadasiga. Ota chuqur o'yga toldiyu qizini bir-necha kun yig'lashga majbur qilgan qarorni chiqardi: - To'y bo'ladi!

To'y bo'ladi...

Yigirma kundan so'ng... Ertasiga yigit bilan uchrashgach qiz hammasini unga aytmoqchiydi. Lekin, yana ayta olmadi. Yigit ham qanaqadir mahzun kayfiyatda edi. U qizni uzoq bag'riga bosib turdi: - Yig'lama, azizam senga kulish yarashadi... "Nega yig'layapsan" deb so'ramadi ham... O'sha kun qiz yigitni so'nggi bor ko'rib turgandi. Ertasi kun qiz bu safar yigitga hammasini aytish uchun uchrashuv joyiga keldi. Lekin yigit kelmadi. Telefoni o'chirilgan. Ikkinchi, uchinchi kun ham. 4-kun yigitdan sms keldi: "Meni kechir... Menga xorijdan yaxshi ish taklif qilishdi. Bilasanmi, mening kelajak rejalarim ulkan. Bu rejada sen ham bor eding, ammo endi hammasi birdaniga o'zgarib ketdi. Afsusdaman. Baxtli bo'l..."


Qiz o'qib ko'zlariga ishonmadi. Qayta-qayta o'qidi. "Siz bunday qilolmaysiz.." yig'lardi u. Lekin hammasi ravshan edi. Qiz u bilan o'tkazgan shirin 3 haftalik baxtli kunlarini bir-bir xotirladi. Sevaman degandi, endi tashlab ketdi. Alam bilan unga javob yozdi:
- Sizga aytolmagan bir gapim bor: Meni turmushga berishyapti... Balki, kelajagizni o'ylab, to'g'ri qilgandirsiz. Ketavering... Umuman qaytib kelmang... Sizi ko'rishni istamayman. Yodizdami, menga yurakchali tumor sovg'a qilgandiz, omad keltiradi deb? Menga soxta yurak hadya qildiz-u haqiqiy yuragimni olib ketdiz o'ziz bilan. Sizga baribir rahmat. Menga nimalarnidir o'rgatdiz. Masalan, taqdirga ishona boshladim. Lekin taqdirlarimiz ayro ekan. Yana bir gapni sizga aytolmaganman: Sizi sevaman! Hm... Yomon bo'lsayizam, bildiz... Nafratlanaman ham... Sms yubordi-yu telefonini suvga otdi. O'rindiqda o'tirib ezilib yig'ladi. Hammasi tugadi... Qizning to'yi kuni ham keldi. Qiz xonasida ko'zguga qarab o'tirardi. Quloqlari ostida esa yigitning unga aytgan hamma gaplari bir-bir jaranglardi: "Poyezdga kech qolganimni kim omadsizlik dedi?", "Kul azizam, kulish senga yarashadi...", "Buni taqdir deydilar..." Uning yuzlariga yosh dumaladi. Shu daqiqada uning ortida otasi qo'lida qog'oz bilan ma'yus turardi. Otasi uning peshonasidan o'pdi:
- Meni kechir qizim...

20 kun avval...

Qizning otasi qizining boshqa yigitni sevib qolganini eshitgach, chuqur o'yga toldi. Fotiha bo'lgan, hamma rozi. Qudalar ham yaxshi odamlar. Nega qanaqadir o'n kun ichida qizining bu taxlit o'zgarib qolganini tushunolmasdi. Buni o'tkinchi hoy-u havas deb qabul qildi va qizini bir necha kun yig'lashga majbur qilgan qarorni chiqardi:
- To'y bo'ladi! Ota o'sha yigitni qidirib topdi. Istarasi issiqqina ekan. Lekin endi kech. U bilan ochiqchasiga gaplashib oldi:
- Qizim unashtirilgan, 20 kundan so'ng to'yi bo'ladi, shuni bilasanmi? Yigit jim bo'lib qoldi. Qizning nima sababdan sevgi izhor qilganda yig'laganini tushungan edi.
- Hammasiga endi juda kech... Iltimos qilaman sendan, qizimni chin yurakdan sevsang uni tinch qo'y, chunki men ikki dunyoda ham to'yni to'xtatmayman. Qizimni hurmatini saqla, el-yurt oldida isnodga qo'yma. Yigit hech narsa deyolmasdi. Qizning otasi uzoq gapirib so'zini yakunladi:
- Shunday qilki, u sendan nafratlansin. Meni kechir... Shunday qilsang, hammamizga yaxshi bo'ladi... Shunday dedi-yu ketdi. Yigit bo'lsa joyida turib qoldi... Hozir qizning otasi undan qiz uchun jonini so'raganida hech ikkilanmasdan jonini bergan bo'lardi, lekin ayrim narsalarning qadri jondan ziyoda bo'larkan. Nima qilish kerak? Yigit uchun shu kun juda og'ir bo'ldi. Ertasiga qiz bilan uchrashdi. Qiz yana yig'lardi. Yigit undan "nega yig'layapsan" deb so'ramadi ham. Uni bag'riga bosdi. Ichidan otilib chiqayotgan alami bo'g'ziga tiqilib qizga shivirladi:
"Kul azizam, hech qachon yig'lama..." Yigit shu lahzada qaror qabul qildi: Taqdirga tan berish kerak... Qiz bilan boshqa ko'rishmaslik kerak... Ertasiga yana uchrashuv joyiga otlandi. Yo'q, ko'rishmaydi. Uzoqdan kuzatsa bas. U o'zini kutayotgan qizni uzoqdan kuzatdi. Keyingi kun, undan keyin ham... Shu kun yigitga xorijdan ish taklif qilishdi. Yigit ketishga qaror qildi. Hammasini unutish uchun... Ertasi kun u qizga sms yubordi. Uning o'qib yig'laganini uzoqdan ko'rdi-yu qo'lini yuragi ustiga olib bordi va pichirladi: "Kechir jonim, mendan nafratlanishing kerak..." Kunlar o'taverdi. Yigitning samalyoti uchishidan bir kun oldin u qizni so'nggi bor ko'rish ilinjida uning uyi yaqiniga bordi. Ko'rdi ham. G'amgin go'zal qiz... Yigit qizning otasi bilan gaplashib olishi kerak edi.
- Men ertaga tongda Parijga uchib ketaman,- yigit qizning otasi yonida so'z boshladi,- mana bu xatni unga berib qo'ying, iltimos. Sizning iltimosingizni bajardim. Siz ham bajarasiz deb o'ylayman... Xayr!
Yigit ketdi. "Endi seni ko'rmayman. Kechir meni azizam... Baxtli bo'l!" Uning ko'zidan sizayotgan yoshlarni hech kim ko'rmasligi uchun ko'zoynak taqib oldi.

Ota maktubni o'qib yuragi to'lib ketdi. Qizini shu darajada sevarkan, bir og'iz so'zini ikki ham qilmadi. Kuyov qilsa arzirdi. Lekin, kechikdi... Tongga qadar xayollar iskanjasida qoldi. Tongda maktubni olib qizining xonasiga kirdi. Qizi judayam go'zal. Lekin, uning ko'zlarida yosh bor edi. Ota ortiq bardosh qilolmadi. Qizini bag'riga bosib, peshonasidan o'pdi:
- Meni kechir qizim...


Ota qiziga xatni berib, yigit haqida hammasini aytib berdi. Qiz maktubni ochib o'qishga tushdi:
"Bugun mendan nafratlanayotgan bo'lsang kerak. Ishonaver buning hecham ahamiyati yo'q menga. Chunki, bugun men seni yana hammadan birinchi tabriklayapman. Qanday omadim bora? Sen jinnisan, negaligini bilasanmi? To'ying haqida aytmading menga. Lekin meni kimligimni unutib qo'yding. Men quvnoq "folbin"manku. Baribir bilvoldim. Xuddi tug'ilgan kuningdagidek... Yodingdami, taqdirga ishonmayman derding. Men esa qo'limni avval yuragim ustiga, keyin peshonamga qo'yib buni taqdir deydilar derdim. Buning ma'nosini bilasanmi? Bu yurakdagi sevgi uchun taqdirga minnatdorlik.. Ha, men taqdirimdan minnatdorman. O'sha poyezdga kechiktirgani uchun... Seni menga uchratgani uchun... Keyingi 5 oyda aqldan ozayozdim. Seni qidirib. Topganimda esa endi kech bo'lgan ekan... Meni kechir... Sen baxtli bo'lishing kerak. Menga o'xshagan surbet bilan taqdiring qo'shilmagan ekan. Men senga hozir so'z, beraman. Meni endi hech qachon ko'rmaysan, men esa seni hech qachon unutmayman. Chunki, sen bunga loyiqsan. Sen ham menga va'da berishingni xohlayman. Baxtli bo'laman deb so'z ber. Sizni unutaman deb so'z ber. Chunki, men unutilishga loyiqman. Seni tashlab ketayotganim uchun ham... Senga bir gapni ko'p aytishga ulgurmadim. Bugun so'nggi bor aytaman: Men seni sevaman! Sen baxtli bo'lishing kerak. To'ying muborak bo'lsin..."


Qiz yig'lab-yig'lab xatni o'qib tugatdi. Otasi qizini yupatdi:
- U bugun Parijga uchib ketmoqchi. Bor qizim uni to'xtat... Qiz yig'lashdan to'xtab, otasiga qaradi.
- Ko'chada taksi kutib turibdi. Ulgurishing kerak. Qolganini menga qo'yib ber,- otasi qo'lini avval yuragi ustiga keyin peshonasiga olib bordida kuldi,- axir buni taqdir deydilar. Qiz otasini quchoqladi:
- Rahmat, dadajon... Keyin chopdi. U ketib qolmasligi kerak. Ketishga haqqi yo'q. Qo'lidagi bejirim tumorni mahkam siqib taksiga o'tirdi. Taksi aeroport tomon yo'l oldi. Qiz esa hamon ko'z yoshlarini to'xtata olmas va shivirlardi:
- Iltimos, ketib qolmang, bir martagina mening ham iltimosimni bajaring... Taksi aeroportga yetib kelgach qiz shoshib ichkariga kirdi. Hamma yoqda odam. Qayerga borishini bilmasdi. Aeroport ichida esa operatorlarning yo'lovchilarga turli murojaatlari eshitilardi. Qiz nihoyat shoshilib nazorat punktiga keldi. Qo'riqchilarning hay-haylashiga qaramay ichkarida o'tirgan qizdan shoshib so'radi:
- Opajon, Parijga samolyot uchmadimi hali?
- 347-reys bilan Toshkent- Parij yo'nalishida samalyot yarim soat oldin uchib ketdi.
- ...,- qiz o'zini yo'qotib qo'ydi,- ketdimi? U yigitning kulib turgan holatini ko'z oldiga keltirdi. Lekin u chindan kechikkandi. Samolyot allaqachon uchib ketgandi. Qiz odamlar gavjum bo'lgan kutish zalidagi o'rindiqlardan biriga borib o'tirdi. "U ketib qoldi. Endi uni hech qachon ko'rolmayman..."
- Iltimos, tumorimni qaytib ber,- yigitning ovozi eshitildi shu payt,- usiz samalyotga ham kech qoldim. Qiz yigitga qaradi. Qo'lida bilet, chamadon... Unga kulib qarab turardi. Qiz uning quchog'iga otildi.
- Nega ketib qoldiz,- yig'lardi u.
- Ketib qoldi deb kim aytdi? Yuragimni tashlab qayerga ham ketardim,- uning sochlarini siladi yigit.
- Siz yomonsiz...
- Hm.
- Surbetsiz...
- Hm.
- Yana "hm"mi?
- Hm. Ular kulib yuborishdi. Aeroportda esa hamma ularga qarardi. Qarayverishsin.

AXIR BUNI TAQDIR DEYDILAR....