Hayot go'zal
Qiz juda chiroyli edi. Boshqa qizlardan farqli ravishda hayotga o‘zgacha nigoh ila qarardi. 19 yoshli sohibjamol qizni tabiiy ravishda sevuvchilar ham bisyor edi. Lekin uni atrofdagi yigitlar umuman qiziqtirmas, qanaqadir o‘zgacha bir sevgini kutardi. Yuragining tub-tubidan uning kelishini ham his etib turardi. Bir kuni darsga kelganida, partasining ustida turgan qip-qizil atirgulni ko‘rdi. Gul bandiga biriktirilgan qog'ozchaga atiga ikki jumla yozilgandi:
"Hayot go‘zal..."
Negadir qizning lablarida tabassum uyg'ondi... Keyingi kunlarda yana bir-ikki bor bu holat takrorlandi. Qip-qizil atirgul va doimgi bir xil dastxat. Qiz bu gullarning sohibi kim ekanligiga judayam qiziqardi... Kunlarning birida qiz uyqudan uyg'onib, derazadan ko‘chaga qaradi va birdan o‘zgacha hayajonlanib ketdi. Ro‘paradagi do‘konchaning oppoq devoriga har xil bo‘yoqlarda katta qilib yurak shakli chizilgan, uning ichiga qiz ismining bosh harfi yozilgandi. Eng ajoyibi esa, surat tagiga o‘sha sirli dastxat qo‘yilgandi: "Hayot go‘zal..."
Qiz endi doim o‘sha sirli yigit haqida o‘ylardi. Uning o‘zini kuzatib yurganligini ham yaxshi bilardi. Odamlar orasidan uning qiyofasini axtarardi. Avvallari doim o‘ychan yuradigan qiz endi kulib, jilmayib yurar, bu tabassumi uni yanada jozibador ko‘rsatardi. Qiz o‘ziga yuborilayotgan har bir gulni qo‘liga olib zavqlanar, chindan unga hayot judayam go‘zal ko‘rinardi. Bahor tonglarining birida velosipedda sayrga chiqqan qiz musaffo havo va xiyobondagi yashil go‘zallikdan zavqlanardi. Lekin velosiped g'ildiraklarini harakatlantiruvchi zanjir o‘rnidan chiqib ketib, qiz to‘xtashga majbur bo‘ldi. U zanjirni joyiga o‘rnatishga urinardi-yu buni hech eplolmasdi.
- Balki yordamim kerakdir? Qiz yoniga kelib to‘xtagan velosipedli yigitga qaradi.
- Yo‘q, o‘zim...
- Mana bunday qilish kerak, - yigit qizning velosipedi zanjirini o‘rniga qo‘ydi,
- Ana bo‘ldi.
- Rahmat! Qiz yigitga e'tibor bilan qaradi. Yigit bo‘y-basti kelishgan, ko‘rkamgina yigit edi. "Ayniqsa kulishi o‘ziga juda yarasharkan",- o‘ylardi qiz.
- Arzimaydi.
Yigit o‘z velosipediga o‘tirib, qanaqadir yoqimli kuyni hushtak qilib chalganicha qizdan uzoqlashdi. Qiz esa uning ortidan bir zum termulib qoldi...
Qizga atirgullar kela boshlaganiga bir oydan oshgandi. Lekin, qiz haligacha o‘sha sirli yigitning kimligini bilolmasdi. Shunday kunlarning birida qiz u-bu ishlar bilan ushlanib, judayam kechga qolib ketdi. Aksiga olib havoning avzoyi buzuq, kuchli momaqaldiroq bo‘layotgandi. Qiz taksi ushlash maqsadida kollej yonidagi bekatga kelganida allaqachon o‘ta shiddatli yomg'ir boshlangandi. Uyi yaqin-u bunaqa paytda yolg'iz ketishga ham qo‘rqib turgandi. Kamiga bekatda hech kim yo‘q, osmonni qoplagan qop-qora bulutlar atrofni yanada qorong'u ko‘rsatardi. Hammasidan momaqaldiroqning vahimali ovozi qizni cho‘chitardi. Shu mahalda unga tanish, yoqimli ovoz eshitildi:
- Balki yordamim kerakdir? Bu o‘sha tongdagi velosipedli yigit edi.
Qiz juda sevindi. Bu o‘sha yigitni yana ko‘rganligi uchunmi yoki boshqa sababdanmi o‘zi ham bilmasdi. Lekin yigitga dilidagini aytmadi:
- Yo‘q, o‘zim ... Yigit ham jilmaydi:
- Yomg'ir hali- beri tinmaydi.
- Nima, meni mashinangizda uyimgacha kuzatib qo‘ymoqchimisiz?
- Menda yaxshiroq fikr bor. Yigit shoshib qayergadir yugurib ketdi-yu, zumda qaytib keldi:
- Xo‘sh, qalay? Qiz yigitning qo‘lidagi oq va pushti rangli soyabonlarni ko‘rib jilmaydi.
- Bahor oylarida yomg'ir mahali piyoda yurish zavqli,- dedi yigit. Ular yonma-yon ketib borisharkan, qiz o‘ziga yuborilayotgan gullarning sohibi shu yigit ekanligini o‘ylay boshladi. Buni tekshirib ko‘rish uchun yigitga savol berdi:
- Siz yo‘lingizda uchragan har bir qizga shunaqa yordam qilasizmi?
- Har biriga emas ... hammasiga.
Ular kulishdi. Qiz uyi tomon ketishayotganda ikki tomonga ketgan ko‘chaning yigit qaysi tarafga burilishiga juda qiziqayotgandi. Muyulishda yigit qizning uyi taraf burilgach, qiz sevindi. "Bu o‘sha yigit", - o‘ylardi.
- Menimcha uyingiz shu tarafda bo‘lsa kerak. Chunki, narigi tarafda shifoxona va boshqa binolar, atiga bir-ikki hovli bor. Adashmasam to‘g'ri ketyapmiz,- qizning fikrini o‘qigandek javob berdi yigit.
- Ha, yaqin qoldi, - xunob bo‘ldi qiz, - aytingchi, hayotni qanday ta'riflaysiz?
- Menimcha bunaqa sharoit va vaqt uchun noo‘rin savol, - kuldi yigit. Ular qizning uyiga yaqinlashishgandi.
- Buyog'iga o‘zim ketaman, sizga katta rahmat.
- Soyabon sizda qola qolsin, menga oq ranglisi ko‘proq yoqadi. "Ey Xudo, - xayolidan o‘tkazardi qiz, - mening pushti rangni yoqtirishimni ham bilarkan!"
- Mayli xayr, - yigit ortga o‘n qadamlar tashlagach qiz uni to‘xtatdi:
- Hey!
Yigit o‘girilib qaradi.
- Savolimga javob bermadingiz. Yigit o‘sha yoqimli tabassumida jilmaydi va baland ovozda baqirdi:
- Hayot go‘zal!
Qizning yuragi juda-juda tez va baland urardi. Qiz ayni damda baland musiqa eshitayotgandek o‘z yuragining dukurini eshitib turardi. U hayajonlanganidan yomg'irni ham ilg'amasdi. U tanish yoqimli musiqani hushtak qilib chalib ketayotgan yigitning ortidan qarab qoldi...
Ertasi kundan boshlab qizga negadir gul kelmay qo‘ydi. Qiz endi juda ham o‘ychan bo‘lib qoldi. U yigit haqida kun-u tun o‘ylardi. Xuddi, hozir balki yordamim kerakdir, deb paydo bo‘ladigandek tuyulardi. Lekin yigitdan ham atirgullardan ham darak bo‘lmasdi. Shu bir-necha kun ichida qiz o‘zi bilmagan holda yig'lab ham yuborardi. Ha, qiz sevib qolgandi. Lekin buni hali o‘zi bilmasdi. Nihoyat bir kuni o‘sha kutilgan ovozni eshitdi:
- Salom!
- Salom, - javob berdi qiz.
- Biroz aylanib kelmaymizmi?
- Bahor oylarida yomg'irsiz havoda piyoda yurish ham zavqlimi?
- Albatta.
Ular birinchi marta ko‘rishishgan xiyobonni sayr qilishdi. Qiziq mavzularda suhbatlashishdi. Nihoyat yigit qizga bir dona qip-qizil atirgul tutdi. Qiz gulni oldiyu uning bandiga ko‘z yugurtirdi. Qog'ozcha yo‘q edi. Savol nazdida yigitga qaradi. Yigit har doimgidek kulib turardi.
- Mana u, - yigit qo‘llarini yozdi. Uning kaftiga bo‘yoq bilan o‘sha dastxat yozilgandi:
"Hayot go‘zal..."
Keyingi kunlar xuddi shirin tush kabi tez o‘tardi. Qiz yigit sevgi izhor qilganidan keyin o‘zi ham uni sevishini anglab yetdi. Chindan ular uchun hayot judayam chiroyli va zavqli ko‘rinardi. Qiz qachonlardir kutgan xayoliy ro‘yo haqiqatga aylanganidan baxtiyor edi. Juda ham chiroyli muhabbat edi bu... Yigit rassom edi. Qizga juda chiroyli tabiat manzaralarini ko‘rsatardi. Qiz xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek baxt va sevgidan sarmast yashardi. Yigit qizga portret sovg'a qildi. Qiz o‘z suratiga qaradi. Judayam nafis va chiroyli chizilgandi.
- Nega men bulutlar orasida turibman? - so‘radi qiz.
- Chunki sen mening farishtamsan,- javob berdi yigit. Har bir kuni go‘zal edi bu sevgining...
Lekin o‘shanda qiz hali o‘zini oldinda nimalar kutayotganini bilmasdi...
Kuz kelgach, bir kuni ular odatiy uchrashadigan xiyobonga yigit kelmadi. Qiz ancha vaqt kutdi, xavotir oldi. Ertasiga yigit bilan ko‘rishganida yigitning nimadandir xafaligini payqadi. Yigit odatdagidek jilmayardi, lekin bu tabassum ortida juda ham o‘zgacha mahzunlik sezilardi.
- Nima bo‘ldi?
- Hech narsa. Kecha unutibman, kechir azizam. Shuncha vaqtdan beri atiga yarim daqiqaga kechikmagan yigitning uchrashishlarini unutib qo‘yishi mumkinligiga qiz ishonmasdi. Lekin o‘sha kuni u hech narsa demadi. Keyingi kunlarda ular yana odatdagidek vaqtlarini xushchaqchaqlik bilan o‘tkazishardi. Lekin qiz negadir yigitning ko‘zlariga boqqanida yashirin bir ma'noni sezardi. Yigitning doimgi tabassumi bu sirni qiz bilib olishiga imkon bermasdi. Yigit qiz bilan ko‘proq vaqt birga bo‘lishga urinardi. Soatlab yonma-yon o‘tirardilar...
Bir kuni qiz yana uzoq vaqt xiyobonda yigitni kutib qoldi. Yigitdan xabar bo‘lavermagach ketmoqchi bo‘ldi. Lekin shu vaqtda uzoqdan yigit ko‘rindi.
- Salom, - dedi yaqin kelgach.
-Nega bunaqa yuryapsiz, oyog'ingiz og'riyaptimi?
- Ha, jin ursin, velosipeddan yiqildim. Ular odatdagidek o‘rindiqqa o‘tirgan ko‘yi, quyosh botishini tomosha qildilar... O‘sha ondayoq qizning yuragi nimadandir o‘ta g'ash edi. Balki, o‘sha kuni qizning yuragi yigit bilan shunday so‘nggi bor yonma-yon o‘tirganliklarini sezgandir...
Ertasiga qiz yigitning shifoxonada ekanligini eshitganida, karaxt bo‘lib qoldi. Ming xavotir ila tezda yetib keldi. Uni yigitning yoniga qo‘yishmadi. Bilsa, yigit juda og'ir kasal ekan. Kechagi kun tongda kasali xuruj qilgan va kasalxonaga keltirishgan ekan.
- Unga yurish mumkin emasligini aytgandik. Lekin u kechroq kasalxonadan qochib ketibdi. Mana oqibati. U oyoqlarini his qilmaydi. Shol...
Qiz titrab ketdi. Ko'zlariga quyilib kelayotgan ko‘z yoshlarini to‘xtata olmasdi. Hamshiraning so‘nggi gaplari o‘ta dahshatli ovoz bo‘lib, qizning quloqlari ostida jaranglardi:
Uoyoqlarini his qilmaydi... Shol...
Yigit uyg'ongach, qiz uning yoniga kirdi. Yigitning ahvolini ko‘rib, battar siqildi. U yig'lardi, yigit ko‘zlarini shiftga tikkancha gap boshladi:
- Bilasanmi, seni birinchi marta ko‘rganimda maktabda 7-sinf eding. O‘shanda pushti lenta taqvolganding... Yigit biroz tin olgach davom etdi:
- Biram chiroylisanki... Sen bilan juda shirin hayot kechiraman deb o‘ylagandim... Buni qara, baribir peshonaga yozgani bo‘larkan...
- Bas qiling! Qiz ko‘z yoshlariga erk berdi. Juda ham ezilib yig'lardi.
- Yig'lama. Beri kel, muhim bir gap aytaman. Qiz yigit aytgandek qildi. Yigit qizning yuzini silagancha shunday dedi:
- Qachon hayotda nimadandir siqilsang, kimnidir sog'insang, ko‘z yoshlaringni mana bunday qilib sidirib tashla, - yigit barmoqlari bilan qizning ko‘zlaridagi yoshni artdi,
- Chunki hayot go‘zal... Qiz shu kuni tongga qadar yig'ladi. O‘sha tunda u yigitni qanchalar sevishini tushundi. "Men baribir umrbod u bilan qolaman",- qaror qildi qiz. Ertasiga shifoxonaga kelgan qiz yigitni topolmadi. Unga yigitni tongda Germaniyaga olib ketishganligini aytishdi. Qiz holsiz devorga suyanib qoldi. Uning boshida million xil hayollar aylanardi. Nega? O‘ylardi u. Shu mahalda unga bir hamshira qip-qizil atirgul keltirib berdi. Qiz yigit bergan so‘nggi gul bandidagi qog'ozchani titragan qo‘llari bilan arang ochdi. Unda shunday yozilgandi:" Bilasanmi, doktorlar mening tirik qolishimga deyarli umid yo‘q deyishdi. Insult xavfi kundan-kun oshib borarkan. Sen meni baribir tashlab ketmasding. Men esa sening judayam baxtli bo‘lishingni istayman... Men juda uzoqqa ketyapman. Bilasan-a, seni judayam sevaman. Agar sen ham meni zarracha sevsang, o‘tinaman, men uchun ham baxtli hayot kechir. Sira ham yig'lama. Yig'laganingda meni yuragim og'riyotgan bo‘ladi. Kelishdikmi? Men uchun esa baribir hayot go‘zal. Ehtimol, ertaga uyqudan uyg'onmasman, lekin hayotim juda go‘zal. Chunki, unda sen borsan...
" Qiz maktubni quchganicha juda uzoq yig'ladi... Qiz ikki yil yigitning xotirasi bilan yashadi. Keyin yigit aytganidek yashashga harakat qildi. Bir yigitga turmushga chiqdi. Ammo uning xayollari tubida hamon eski xotiralar hukmronlik qilardi. Har lahzada uni yod qilib yashardi. O‘g'illik bo‘lganida, unga yigitning ismini qo‘ydi... Taqdir qizga hali ancha sinovlarni tayyorlab qo‘ygan ekan. Farzandi tug'ilgach ko‘p o‘tmasdan, eri avtohalokat tufayli dunyodan ko‘z yumdi. Qiz tag'in ko‘z yoshlari tubiga g'arq bo‘ldi. 4 yil vaqt o‘tib ketdi. Endi qizning hayotdagi bori o‘g'li va xotiralari edi. O'g'lini bog'chaga kuzatib qo'ygach, qiz bir vaqtlar yigit bilan uchrashuv joyi bo'lgan xiyobonga keldi. Uzoq o‘tirdi. "Hayot go‘zal" deb, kulib turadigan yigitning qiyofasini ko‘z oldiga keltirdi. Oradan shuncha 8 yil o‘tgan bo‘lsada, uning muhabbati bir qatra bo‘lsin, kamaymagandi... Uyga kelgach, yuragi sog'inchdan boshqacha urayotganligini his qildi va o‘zi "shirin xotiralar" deb ataydigan qutini ochdi. O‘zining portreti, o‘sha pushti zontik, dastxatlar... Hamma- hammasini bir-bir ko‘rib chiqdi. Uyga kirib kelgan o‘g'il oyisining yig'layotganini ko‘rdi. U sekin oyisining yoniga keldi.
- Oyi, qachon hayotda nimadandir siqilsangiz, kimnidir sog'insangiz, ko‘z yoshlarni mana bunday sidirib tashlang... Qiz ko‘z yoshlarini artayotgan o‘g'liga hayrat bilan tikilib qoldi.
- Buni kim... kim aytdi?
- Bir amaki oyingni sira ham yig'latma dedilar, rasm chizishni ham o‘rgatdilar. Qizning yuragi qachonlardir yigit yomg'irli kechada "Hayot go‘zal" deganidagi kabi zarbli urardi. "Nahotki u tirik bo‘lsa?" Qiz tonggacha mijja qoqmadi. Allohdan umidlari puch bo‘lib chiqmasligini so‘radi. Ertasi kun bog'chaga borib, rasm murabbiyini so‘radi. Uni bir xonaga kuzatib qo‘yishdi. Xonaga kirgan qiz burchakda turgan yangi chizilgan suratni tanidi. Qachonlardir tongda uyg'onganida do‘koncha devoriga chizilgan yurak shakli edi bu. Qiz judayam hayajonlanardi.
- Balki yordamim kerakdir? G'alati ovoz, qiz 8 yil kutgan ovoz eshitildi. O‘girilganida qarshisida o‘sha rom qiluvchi tabassumi bilan yigit turardi... Yigitni Berlinda 3 yil davomida davolashgan, keyin 2 yilga yaqin nogironlik aravachasida yashagan, nihot keyin butunlay sog'ayib ketgandi. Ular ancha vaqt bir-birlariga termulib qoldilar. Qizning sakkiz yil oldingidek chiroyi yigitning o‘sha vaqtlardagidek jozibador tabassumiga qarshi turardi. Qiz shu yillar ichida ilk marta sevinganidan yig'lardi. Yigit qizga yaqin keldi.
-Qachondir nimadandir siqilsang, kimnidir sog'insang, ko‘z yoshlarni mana bunday sidirib tashla...
Keyingi jumlani ular baravariga aytishdi:
- CHUNKI HAYOT GO‘ZAL...