Men onamni sevmayman......
Erta sahar, odamlar endi uyg‘onib bomdod namoziga tayyorgarlik ko'rmoqchi bo‘lib turgan payt. Bu vaqtda qandaydir yumush bilan ko'chaga chiqilsa, odatda yo‘lda odam uchratish qiyin. Onam esa ikkinchi tandir nonni pishirib bo‘lib, dasturxonga issiq non ulashib bo‘lgan. Qizarib pishgan nonlar shunchalik yaltirab turar ediki, biz ertalab bomdod vaqtidan oldin uyg‘onishga va sigir qaymog‘idan tayyorlangan saryog‘ bilan issiq non tanovul qilishga odatlanib bo‘lganmiz. Hozir eslasam, o‘zimdan uyalib ketaman. To‘g‘ri, biz erta saharda uyg‘onishga odatlanganmiz. Onam esa bomdod vaqtida ikki tandir nonni pishirib, dasturxonda bamisoli Quyoshdek qaynoq taftli nonlarni muhayyo qilib turardi.
Onam mohir tikuvchi. Yarim tunda ham chopon qavib yoki turfa xil kashtalar tikib o‘tirardilar. Hozir tikuvchilik bilan kamroq mashg'ul bo'ladiganga o'xshaydilar. Yangam ham tikuvchi bo‘lgani uchun emas. Biz yillar davomida ko'nikib qolganmiz. Hozir menda savol tug'ilmoqda: "Onam bir kunda necha soat uxlagan ekanlar? Ko‘zlari bir soat ham uyqu ko'rmagan bo'lsalar kerak".
Onam adabiyotni ham sevadilar, xotiralari kuchli. Bolaligimda talaygina ertaklar aytib bergan. Sahar vaqti she‘rlar hirgoyi qilib uyg'otgan. Onamning she‘r o‘qishlari, hirgoyi qilishlari menga judayam yoqadi. Mendagi adabiyotga bo‘lgan muhabbatni onam uyg'otgan bo'lsalar ham ajab emas. Uyimizda nafaqat she‘riy kechalar, badiiy mulohazalar ham bo‘lib turadi.
Men onamni sevmayman......
Balki, hozir hissiyotlarim jumbushga kelmoqda. Uydan olisdaman, bir mehrga muhtojman – ona mehriga. Qishloq onamsiz ko‘nglimga iliqlik bera olmaydi.
Qani endi qo‘limdan sehr kelganida. Ko‘zlarimni yumsam-u, ochganimda hovlimizda paydo bo‘lib qolsam. Ertalablari onamning she‘rlar o‘qib uyg‘otishlari, o‘z hayotlarini so'zlab berishlarini qumsayapman. Uyga borib onamdan nimalardir tinglashni xohlayapman. Hozir esa qishloqqa jo'nab ketgim kelayapti. Men qishloqni, hovlimizni judayam sog'indim. Qishloqda odamlar baxtli yashayotgan bo‘lsa kerak. Tandirda yopilgan nonlarni sog'indim. Onam qo'llarida bichilib, qavilgan choponimni kiyib Surxon dalalarida kezishni xohlayman.
©ROSTNAVIS