Jamoliddin
Jamoliddin
Grafik Dizaynerman Video Montajyorman Fotografman Media trenerman Volontyorlar mentor-treneriman
Jamoliddin

Blog

Muhabbat fasli

Muhabbat fasli

Yangi qiz — Jamila o‘qishini shahardagi maktabdan ko‘chirib keldi. Bundan keyin sizlar bilan, bir sinfda o‘qiydi. Ahil-inoq bo‘lib ketasizlar degan umiddaman. Mudira shunday deya chiqib ketdi. O‘qituvchi matematikaning allaqanday misol-masalalarini tushuntirish bilan band-u, hammaning xayoli yangi qizda edi. «Chiroyli ekan», «Shahardan kelib nima zaril edi? O‘zi bitirishimizga bir yilgina qolgan bo‘lsa», «Aqlli qizga o‘xshayapti», «Sochlarining uzunliginii…» Yangi qiz to dars tugab qo‘ng‘iroq chalingunga qadar ham o‘zi asta borib o‘tirib olgan eng orqadagi partadan boshini ko‘tarmadi. So‘ng jimgina sumkasini yelkasiga ildi-yu, chiqdi-ketdi. Qizlarga gap topildi.

— Voy bo‘-o‘, ja osmon-ku! Shaharlik bo‘lsang o‘zingga, oyimtilla! — Qizlar, o‘zidan ko‘rsin, bittang ham dugona bo‘lmalaring! Yakkamoxov bo‘lib yursin bir… Qizlar yangi sinfdoshlarining chiroyiga ich-ichidan hasadlari kelib, g‘iybatni maromiga yetkazayotgan bir vaqtda, yangi qizga «ega»lar ham chiqib ulgurgandi.

— Xullas, gap bundoq. Jamilaga bittang ham ko‘z tikmalaring, u akang qarag‘ayniki bo‘ladi!

— Nima-a? Bekorlarning beshtasini aytibsan! Sen avval qo‘shni sinfdagi qizingni eplab ol!

 — Nima qilasanlar talashib! Jamilani hammangdan avval men ko‘z ostimga olib bo‘lganman. Ovvora bo‘lasanlar!

— Hoo-ov mishiqi…


Yangi qizni deb birinchi kundanoq yigitlarning jiqqamusht bo‘lishi qizlarga yoqmadi. O‘zlaricha «raqiba»larining adabini berib qo‘yish yo‘lini izlay boshlashgandi…… Jamila boshqa qizlarga o‘xshamasdi. Darslarda eng faol o‘quvchi bo‘lar edi-yu, darsdan tashqari deyarli gapirmas, na birovga qo‘shilar, na o‘ziga yozilgan sanoqsiz ishqiy nomalarga javob qaytarardi. Bu odamovi qiz hamma uchun sirli edi, nimasidir, mungli ko‘zlarimi, ahyon-ahyonda ko‘rinib qolajak sirli tabassumimi, o‘ziga tortaverardi……


Yangi qiz hammani qo‘rqitib yubordi. Nima bo‘ldi-yu, o‘zini tashlab yubordi. Qizlarning esxonasi chiqib ketdi, u uchun u kelgan kundan buyon talashib jiqqamusht bo‘lib yurgan sinfdosh yigitlar nima qilarini bilmay shoshib qolishdi, faqat bir burchakda doim xayol surib, derazadan tashqariga termulib o‘tiradigan Shavkatgina qizni dast ko‘tarib eshik tomonga yugurdi……


Yangi qiz tez-tez hushidan ketib qolar, chiroyi ham avvalgidek emas, yuzlari so‘lg‘inlashib, ko‘zlaridagi mung tobora ortib borardi. Endi unga atalgan ishqiy nomalar ham ko‘rinmas, qizlar ham avvalgidek unga ichlari kuymay qo‘ygandi. Endi unga yaqinlashishga yigitlarning ham yuraklari betlamasdi. Yangi qiz kamgap edi. Yangi qiz odamovi edi. Yangi qizning odamlardan ko‘ngli qolgan edi……


Jamila maktabga kelmay qo‘ydi. Hammadan ham Shavkatning ichiga o‘t tushdi

— Bugun hech qaysing ketib qolmalaring! Jamilanikiga boramiz!

— Qo‘ysang-chi, erta-indin kelib qolar… Qolaversa qayerda turishini ham bilmasak.

— Men bilaman!

— Ho-oo! Voy Shavkat pismiq-yeyey, hali kuzatib ham qo‘ygandirlar-a? Bay-baay!

— Ishlaring bo‘lmasin!


Shavkat bilardi. Jamila qishloqning eng chekkasidagi bir yolg‘iz kampirning uyida turadi. Uni necha marta ortidan poylab borgan axir…… Jamila o‘zini ko‘rish uchun kelgan yigit-qizlarni ko‘rib yig‘lab yubordi. Uning rangi dokadek oqarib ketgan, ozib-to‘zib ketganidan mungli ko‘zlari kirtayib, uzundan-uzun sochlari oppoq choyshab uzra yoyilib, to‘zg‘ib yotardi… Jamilaning buvisi bolalarni aylanib-o‘rgilib kutib oldi. «Ilohim, oqibatlaring yo‘qolmasin» deb uzundan-uzoq duo o‘qidi. Yangi qiz bilan xayrlashib, tezroq sog‘ayib ketishini tilab darvozadan chiqishar ekan, kelishni istamay, majburan kelganlarning ham ko‘ngillari allaqanday yorishib borayotgan edi…


Yo‘q, yangi qiz kelmadi. Ertasiga ham, indiniga ham kelmadi. Uning eng orqadagi partasi bo‘m-bo‘sh turdi. Oradan bir hafta o‘tgach mudiraning bolalarni sinfga to‘plab aytgan shum xabari hammasidan oshib tushdi.

— Yangi sinfdoshingiz og‘ir kasallikdan qazo qilibdi. Borib, buvisidan ko‘ngil so‘rab kelsangiz yaxshi bo‘lardi, har holda…

Bolalarni hech kim majburlamadi, boramiz deb qo‘llaridan tortmadi. O‘sha, qishloqning eng chekkasidagi ko‘rimsizgina uyga qalblari alamdan bo‘zlab borishdi.


O‘g‘li va kelinining vafotidan so‘ng yuragi tug‘ma xastalik bilan dunyoga kelgan yakka-yu yolg‘iz nabirasini qaramog‘iga olgan kampir darvozadan kirib kelgan bolalarning yelkasidan quchib aytib-aytib yig‘ladi. Yig‘lagan ham, yig‘lamagan ham yig‘ladi.… O‘quv yili tugashiga sanoqli kunlar qolgan, biroq ko‘ngillarga na bitiruv oqshomi, na so‘nggi qo‘ng‘iroq sig‘ardi. Eng orqadagi partaga qarashga hech kimning yuragi betlamas, faqatgina xayolparast, kamgap, odamovi Shavkatgina o‘sha partaga boshini qo‘yib o‘tirib olgancha unsiz yosh to‘kardi.


Yangi qiz hech kimga o‘xshamasdi. Boshqacha, boshqacha edi u…