Hijob cheklaydimi?
Birinchi navbatda hijob nima ekanligini bilib olishimiz kerak. Hijob - muslima ayolning begonalar nazaridan to‘sishi kerak a’zolarini to‘suvchi va yopuvchi libos hisoblanadi. Aslida, hijob insonni harakatlarini, yashashini cheklamaydi. Aksincha, begona ko‘zlarni, boshqa kimsalarning yomon nigohini cheklaydi.
2023-yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqlarda arab davlatlarida keng tarqalgan «burqa» kiygan nomaʼlum ayolning «Ayollar ehtiyot boʻling» nomli videolavhasi tarqaldi. IIV axborotiga ko‘ra, 2023-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan qizga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shu o‘rinda elimiz tanigan aktrisa – Nilufar Hamidovaning Youtube platformasidagi “Chotki TV” kanalidagi intervyusida ko‘plab diniy, tushunilmasdan aytilgan gaplarni, insonlarga, ayollarga nisbatan haqoratli so‘zlarni ishlatganini ko‘rishimiz mumkin. Ko‘rsatuvni ko‘rishni maslahat bermayman, solishtirish uchun ozroq ko‘rsangiz yetarli.
20 yoshli qizga 15 mln. jarima qo‘llanilgan. Xalq taniydigan, kuzatadigan opa uchun esa shuncha gaplar PRga xizmat qildi. Bu yerda kimnidir oqlamochi emasman, lekin yoshlarga ilk martada tushunchalar berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash kerak menimcha.
Oxirgi paytlarda hijob o‘raganlarni oliy ta’lim yoki maktablarda darslarga kirishiga to‘sqinlik qilishayotganini guvohi bo‘lyapmiz. Davlat mukofoti olganlar orasida hijoblilarni ko‘rmaymiz negadir. Televideniyelarda esa hijobli hamda soqolli insonlardan intervyu olishga qo‘rqishadi.
Konstitutsiyamizning 31-moddasida shunday deyilgan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Bu yerda islom dini emas, umuman barcha dinlar haqida gap ketmoqda. Demak, islomiy tarzda yurish, jamiyatdan ajralib qolmaslik huquqi hammada bor. Afsuski, ongsiz ravishda tizimimizda shunday qarashlar shakllanib qolgan.
Endi ikkinchi tomondan ham qaraymiz: Hozirgi paytda ko‘pchilik qizlarimiz hijob o‘rashni to‘liq tushunmasdan, “sovuq va qo‘rqinchli” tarzda hijob o‘rashmoqda. Bu ham jamiyatimizning hijobga nisbatan qo‘rquvi oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda bir fikrim bilan postni tugatmoqchiman. Hijob o‘raganda mumkin bo‘lmagan narsalar, o‘ramasangiz ham mumkin emas. Qizlar, shunaqa chiroyli ro‘mol o‘rangki, boshqalar sizga havas qilsin. Shunaqa baxtli yashangki, baxtingizga hamma havas qilsin. Muhimi go‘zal odobigizni saqlang. Bu yo‘lda Qarshiliklar doim bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Siz jamiyatga boshqalardan ko‘ra ko‘proq zarur ekaningizni, foydali ekanligingizni isbotlashingizga ishonaman!