Jamoliddin
Jamoliddin
Grafik Dizaynerman Video Montajyorman Fotografman Media trenerman Volontyorlar mentor-treneriman
Jamoliddin

Blog

Zulfiya mukofoti haqida qisqacha

Zulfiya mukofoti haqida qisqacha

Har yili Ayollarimizning bayrami yaqinlashayotgan vaqtda ko'plab qizlarimiz qo'llarida bir qancha hujjat, sertifikat va ko'plab qog'ozlar bilan "Zulfiya"chi bo'lish orzusida yurishadi.

Ko'p o'tmasdan qaysilaridir orzusiga erishadi, kimlardir esa yo'q. Aslida raqobat bor joyda doim shunday bo'lishi tabiiy. Lekin, bu jarayonda ko'pchilik e'tibor bermaydigan jihatlar bor. Bu jihatlardan oldin mukofot haqida qisqacha to'xtalib o'tamiz.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10-iyun 1999-yildagi PF-2326-son Farmoni bilan tasdiqlangan va ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga beriladi

Mukofot - biron-bir faoliyat sohasidagi alohida yutuqlar uchun ragʻbatlantirish shakli. Shunday ekan, birinchi navbatda mukofot olish uchun nomzodning o'zi hujjat yig'ishi, yelib-yugurishi emas, mukofotga yarasha natija ko'rsatishi kerak. Tanlov bo'lganda raqobatlashib, musobaqa qilishi to'g'ri bo'ladi.

Mukofotni olgan va nomzodini qo'ygan qizlarning ko'pchiligidan komissiyaning saralash jarayonida turli "o'yin"lar qilganini eshitish mumkin. Bunga sabab esa mukofotga nomzodlarni saralash jarayoni shaffof bo'lmagani va "Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti to‘g‘risida"gi Nizomga amal qilinmayotganidir.

Nizomning 4-b bandida quyidagicha yozilgan:

  • "Talabgorlar ro‘yxati, ularning ibratli faoliyatlari, asarlari haqidagi ma’lumotlarni tavsiya etgan tashkilotlarni ko‘rsatgan holda, mukofot berilishidan ikki oy oldin respublika ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi."

Shu paytgacha birorta mukofotga da'vogar nomzodning ko'rsatilgan ma'lumotlari hech bir OAVda e'lon qilinmagan. kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada nomzodlar qaysi mezon asosida saralanishi, g‘olib nega tanlangani, munosib ko‘rilmaganlar qaysi kamchiligi uchun o‘ta olmaganiga hech qanday izoh berilmasligi haqida yozilgan.

Nizomda yana bir e'tibor qilish kerak bo'lgan jihat bor:

  • "Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorining faxriy nishoni ko‘krakning o‘ng tomoniga taqiladi"

Har yilgi mukofot sovrindorlarining rasmlarini kuzatsak, ular ba'zida chapga, ba'zan esa o'ng tomonga nishon taqqanini ko'rishimiz mumkin.

Aslida, mukofotga harakat qilayotgan inson eng avvalo u to'g'risidagi qonun hujjatlarini yaxshilab o'rganib chiqishi lozim.


Bu mavzuda yana ko'plab fikrlar, postlar yozish mumkin. Hozircha esa 2023-yildagi Zulfiya izdoshlarini mukofot bilan tabriklayman.

Jamiyatimizda mukofot olsa ham, olmasa ham Zulfiya izdoshlari, bilimli va salohiyatli qizlarimiz ko'paysin)